A- A A+

Press-konferensiya

“OKMKda fan va ishlab chiqarish integratsiyasi. Yangi texnologiyalar va yangi mahsulotlar”

on .

Bugun O’zbekiston Milliy matbuot markazida OKMK Axborot xizmati tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi. “OKMKda fan va ishlab chiqarish integratsiyasi. Yangi texnologiyalar va yangi mahsulotlar” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida OKMK bosh muhandisining ilm-fan bo’yicha o’rinbosari, texnika fanlari doktori, professor, akademik Abdurashid Hasanov, bosh muhandisning texnologiyalar bo’yicha o’rinbosari Abduqahhor Saynazarov, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi ilmiy texnologik markaz laboratoriyasi mudiri Amir Obidov va OAV vakillari, blogerlar ishtirok etishdi.

- Ilm-fan yutuqlarini sanoatga tatbiq etish, pirovardida esa iqtisodiy taraqqiyotga erishish har bir yirik sanoat korxonasining asosiy strategik yo’nalishi hisoblanadi - deydi A. Hasanov. - Ayniqsa, hozirgi texnika asrida ilm-fan yutuqlarini, innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etish davr talabi bo’lib qolmoqda. Bu borada “Olmaliq KMK” AJda keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinyapti. Jumladan, OKMKda Fan va innovatsiya bo’limi tashkil etilgan bo’lib, ayni paytda bo’lim samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Kombinat tomonidan yangi innovatsion texnologiyalar va yangi raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni, mahalliy xom-ashyolardan unumli foydalanib, nafaqat ilg’or texnologiyalarni qo’llash, balki jarayonda qo’llaniladigan kimyoviy birikma va reagentlarni, ehtiyot qismlarni ham o’zimizda ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishga e’tibor qaratilmoqda. Hozirgi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati  rahbariyati sa’yi-harakati bilan kombinatda 40 dan ortiq tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, 14 ta kimyoviy element sof va birikma holida tayyorlanmoqda. Shundan 10 tasi asl bo’lib, qolgan 4 tasi birikma holida (reniy, kalsiy, oltingugurt va qo’rg’oshin), qolgan 10 tasi mis, rux, kadmiy, oltin, kumush, palladiy, tellur, selen, volfram va molibdenlardir.

- Kombinatda ishlab chiqarish va ilm-fan uyg’unligi borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2019 yil aprel oyida Koreya davlatining KIRAM nodir metallar instituti bilan hamkorlikda birinchi nodir metallar va qattiq qotishmalar O’zbek-Koreys ilmiy-texnologik markazi tashkil etildi, - deydi A. Obidov. - Markazning vazifasi yuqori tozalikdagi metallar olish texnologiyasini ishlab chiqish uchun ilmiy-tadqiqot faoliyati, shu jumladan, o’ta sof metallar - molibden, reniy, volfram va boshqalarni olish texnologiyasini ishlab chiqish, yuqori qo’shimcha qiymatga ega bo’lgan tovarlar ishlab chiqarishni tashkil etish bilan ularni qayta ishlash, yangi mahsulotlar olish uchun tadqiqot faoliyatini olib borishdan iborat. Bugungi kunda ushbu markazda tomonidan muvaffaqiyatli izlanishlar natijasida Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi mehnat jamoasi nodir metallar asosidagi yangi tur mahsulotlarining ilk namunalarini ishlab chiqarishga muvaffaq bo’lishdi. Reja bo’yicha 2020 yilda volfram misli nishon, molibden nishon, volfram nishon, volfram nanokukuni, molibden nanokunkuni, volfram misli elektrod kabi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqardik. Bundan tashqari, bu yil payvandlanuvchi qattiq qotishma, O’zbekiston metallurgiya kombinatining chiqindisidan esa metall kukunini ham olishga erishdik. Ushbu mahsulot Mis eritish zavodida kumush ajratib olishda muhim ahamiyatga ega va to’liq import qilinadi.

- Kombinat ishlab chiqarish zanjirida texnologiyalar samaradorligini yanada oshirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi A. Saynazarov. - Xususan, Fan va innovatsiya bo’limi Respublika hamda xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari va muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Mazkur ilmiy ishlari ichidan Rossiya Federatsiyasining TOMS loyiha instituti bilan oksidlangan mis rudalarni va boyitish fabrikasi chiqindilarini qayta ishlash hamda mahalliy xom ashyodan olein kislotasini va flotatsiya paytida ishlatiladigan ko’pirtirgich - T-92 reaktivini olish borasida bajarilayotgan ilmiy ishlarga urg’u bersak bo’ladi.

Shuningdek, ishlab chiqarishdagi muammolarga yechim izlash borasida kombinat ishchi-xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda. Bunday yechimlarni ular o’z ratsionalizatorlik takliflarida aks ettirmoqdalar. Ishlab chiqarishga joriy qilingan ratsionalizatorlik takliflaridan kombinatda 2020 yilda 40,6 mlrd. so’m iqtisodiy samaraga erishildi.

Bundan tashqari, 2020 yil dekabr oyida modernizatsiya dasturi doirasida Mis boyitish fabrikasining Mis-molibden konsentratlarini saralash va quritish sexining filtr press uchastkasiga Larox press-filtrlari o’rnatildi. Bu bilan shixtani quritishda fabrikada yangi texnologiya joriy etilib, amaldagi yilning yanvar - fevral oylari natijasiga ko’ra, 1 mln 986 891 m kub tabiiy gaz iqtisodiga erishildi.

Tadbir davomida OAV vakillari o’zlarini qiziqtirgan javoblarga batafsil javob olishdi.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech