A- A A+

Press-konferensiya

OKMKning eksport salohiyati: kecha, bugun va ertaga

on .

2021 yil 29 aprel kuni “Olmaliq KMK” AJ Axborot xizmati tomonidan Milliy matbuot markazida “OKMKning eksport salohiyati” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda OKMK boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo’yicha o’rinbosari v.v.b Behzod Salimov, OKMK boshqaruvining axborot siyosati bo’yicha maslahatchisi – Axborot xizmati rahbari Umida Qarshiboyeva, Metallurgiya xom ashyosi bilan ta’minlash va sotish boshqarmasi boshlig’i Aziz Zokirov, Respublikamizda faoliyat yuritib kelayotan OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Tadbirdan ko’zlangan maqsad – yirik sanoat korxonasi hisoblangan “Olmaliq KMK” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksporti borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kombinatning eksport salohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo’ldi.

- Ishlab chiqarish hajmlari bo’yicha kombinat yillik 148 ming tonna bilan qat’iy 3-o’rinni egallab kelmoqda (Rossiya 973 ming tonna, Qozog’iston 500 ming tonna), - deydi A.Zokirov. - Hozirgi paytda kombinat 18 turdagi yuqori likvidli mahsulot ishlab chiqarmoqda va dunyoning 20dan ortiq mamlakatiga eksport qilmoqda. Kombinatning asosiy mahsuloti, albatta, mis mahsuloti hisoblanadi. Mis eng qadimdan foydalaniladigan metallardan biridir, uni eramizdan 300 yil avval qazib olish va ishlatish boshlangan. Bugun mis dunyo miqyosida ulkan tijoriy ahamiyatga ega butun boshli industriyadir. Mis narxiga qarab jahon iqtisodiyotining yo’nalishini mo’ljal qilish, prognoz tuzish, texnologiyalar rivojini u yoki bu tarafga o’zgartirishini ko’rish mumkin. Statistikaga murojaat qiladigan bo’lsak, 2005 yilga qadar mis narxi 1 500 dan 3 000 dollargacha bo’lib keldi. 2005 yilning 3-choragidan boshlab esa jahon iqtisodiyotining, asosan Xitoyning o’sishi bilan bog’liq kotirovkalarning jadal o’sishini kuzatishimiz mumkin. 28 aprel holatiga ko’ra, oxirgi savdolarda bir tonna misning narxi 10 ming dollardan oshgan.

Anjumanda kombinat mahsulotlari eksporti geografiyasi Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog’iston, Bolgariya, Ozarboyjon, Qirg’iziston, Ukraina, Polsha, Tojikiston, Indoneziya, Niderlandiya, Xitoy, Turkmaniston, Afg’oniston kabi davlatlarni qamrab olganligi aytib o'tildi.

2021 yilning I choragida 230,9 mln. AQSh dollari miqdorida mahsulotlar eksporti amalga oshirilib, reja 162,5%ga bajarilgani alohida ta’kidlandi.

Jumladan, joriy yil I chorakda 177,5 million dollarlik mahsulot eksport qilish belgilangan, shundan, mis mahsuloti – 21,2 ming tonna (132,9 mln. dollar.), rux mahsuloti – 13,75 ming tonna (34,4 mln. dollar.), qo’rg’oshin maxsuloti – 15 ming tonna (3,8 mln. dollar.) va boshqa mahsulotlar – 6,4 mln. dollar.

Hisobot davrida 230,9 million dollarlik (prognozga nisbatan 162,5 foiz) mahsulotlar eksport qilindi. Jumladan, mis mahsuloti – 22 497 tonna (147,1%), 179,8 mln. dollar (167,4%), rux mahsuloti – 13 981 tonna (124,3%) 37,1 mln. dollarlik (131,9%), qo’rg’oshin mahsulotlari – 5,4 mln. dollarlik (143,1%) boshqa mahsulotlar – 8,6 mln. dollarga eksport qilingan.

Bundan tashqari, kombinat tomonidan nodir va qimmatbaho metallar  ham eksport qilinmoqda. Jumladan, molibden, reniy, rux kuporosi, kadmiy, volfram, palladiy kabi mahsulotlar importyorlarga yetkazib berilmoqda.

Yuqorida aytilgandek, bugungi kunda kombinat tomonidan yiliga 148 ming tonna mis ishlab chiqarmoqda. Turkiya, Xitoy, MDH mamlakatlari, sharqiy Yevropa asosiy eksport bozorlari hisoblanadi. Yangi sotuv bozorlarini o’zlashtirish bo’yicha doimiy ish olib borilmoqda. Jumladan, Qatar, Avstraliya, Indoneziya, Polshaga mahsulot eksporti amalga oshirilgan. Dubay va janubiy Yevropa hududiga chiqish mo’ljallanmoqda.

Qulay kon’yunktura tufayli eksport bo’yicha ko’rsatkichlar birinchi chorakda 231 mln. dollar yoki 162,5%ga bajarilgan. Qo’shilgan qiymatli mahsulot eksporti (mis quvurlar, mis katankasi) 35,5 mln. dollarni tashkil qildi yoki 4,4 baravar ortdi.

Misol uchun, keyingi 5 yil ichida elektromobillarning rivojlanishi va ommaviylashuvi jadal sur’atlar bilan ortib bormoqda. Agar oddiy avtomobilda taxminan 20 kg mis ishlatilsa, elektromobil uchun uning sarfi 83 kg (yoki 1,6 km) yetadi. Ko’pchilik avtomobil ishlab chiqaruvchilarning qayd etishicha, 2030 yilga qadar dizel dvigatelidan elektr dvigateliga to’liq o’tish rejalashtirilmoqda. Bu esa o’z yo’lida misga bulgan extiyojni salkam 20% ga oshishiga olib keladi.

Rangli metallar eksportidan tashqari kombinat Surxondaryo viloyatining Sherobod sement zavodidan sement mahsulotini ham ishlab chiqarib, eksport qiladi. Hisobot davrida(2021 yilning birinchi choragida ) Afg’onistonga 28 ming tonna tsement yetkazib berilgan.

Ishlab chiqarilayotgan oltin va kumush London Qimmatbaho Metallar uyushmasida attestatsiyadan o’tgan. Misni London metall birjasida ro’yxatdan o’tkazish bo’yicha ish olib borilmoqda.

Ishlab chiqarishni oshirish borasida yillik qazib olish hajmi taxminan 60 mln. tonna bo’lgan yangi "Yoshlik" konini o’zlashtirish borasida ish olib borilmoqda. 2025-2026 yillar mobaynida mis ishlab chiqarish hajmi yiliga 148 ming tonnadan 250 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Tadbirda OAV vakillari o’zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech