A- A A+

Press-konferensiya

OKMK raqamlashtirish, mahalliylashtirish va investitsiya dasturlari ijrosi

on .

2021 yilning 15 iyun kuni OKMK Axborot xizmati tomonidan “Olmaliq KMK” AJda raqamlashtirish, mahalliylashtirish va investitsiya dasturlari ijrosi” mavzusida media tur tashkil etildi.

Media turda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimlari, Toshkent viloyati OAV kommunikatsiyalari boshqarmasi vakillari, mamlakatimiz OAV xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.

Media tur ishtirokchilari uchun dastlab “Metallurg” MSda yigʻlish oʻtkazilib, unda kombinat faoliyati haqidagi videorolik namoyish etildi.

Shundan soʻng, mehmonlar kombinat texnologik ishlab chiqarish jarayonining boshlangʻich nuqtasi boʻlgan “Qalmoqqir” konida boʻlishdi. 

Qalmoqqir konidagi jarayon

Kon boshqarmasi bosh muhandisi Umid Tojiyev kon haqida, konda ishlab chiqarish jarayonini raqamlashtirish boʻyicha toʻliq maʻlumot berib oʻtdi.

Qalmoqqir kareri juda qulay geografik va iqtisodiy sharoitga ega Olmaliq-Angren sanoat mintaqasida joylashgan. Qalmoqqir kon boshqarmasi yirik konchilik korxonalaridan biridir. Karerning qurilishi 1954 yilda boshlangan, 1959 yil 1 iyulda esa Qalmoqqir konidan ilk marotaba ma’dan yuklandi va oʻsha vaqtdan beri uni muntazam ravishda belgilangan bashorat koʻrsatkichlari bajarib kelinmoqda.

Hozirgi vaqtda konning uzunligi - 4000 m, kengligi - 2000 m, karerning eng yuqori nuqtasi 925 m, karerning eng pastki nuqtasi 370 m  pogʻonalarning qiyalik burchagi – 35-40 0.

Avtomobil transporti karerning yuqori gorizontlarida, 760 m gorizonti va undan yuqori boʻlgan gorizontlarda, shuningdek, yangi gorizontlarni ochishda kapital va ajratilgan pogʻonalarda foydalaniladi. Ushbu kondan oʻtgan yili 38 mln. 800 ming tonna ruda qazib olingan. Bu yil esa 34 mln. tonna ruda qazib olinishi belgilangan.

Media turning navbatdagi manzili Yoshlik-I koni boʻldi.

Mazkur konda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ishtirokchilarga “Yoshlik 1” konini oʻzlashtirish” investitsion loyihasini amalga oshirish Loyiha idorasining kon-transport kompleksi boʻyicha direktor oʻrinbosari Zokirxoʻja Ishanxodjaev batafsil maʻlumot berib oʻtdi.

Yoshlik-I koni – istiqbolli kon

Yoshlik-I konini oʻzlashtirish loyihasi Prezidentning 2017 yil 1 martdagi PQ–2807-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Prezidentning “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020 yil 26 maydagi PQ–4731-son qaroriga muvofiq, Mazkur loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga, 105 million tonna ruda qazib olish quvvatiga ega boʻlgan kon, 60 million tonna ruda qayta ishlash imkoniyatga ega boʻlgan yangi 3-sonli Mis boyitish fabrikasi, 50 million tonna ruda qayta ishlash imkoniyatga ega boʻlgan yangi 4-sonli Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi ishlab chiqarish quvvatlari kengaytiriladi. Yangi 2 va 3-sonli eritish (Vanyukov) pechlari, yangi anod pechlari va quyish mashinalari, uzluksiz konvertorlash boʻlimlari qurilishi amalga oshiriladi, 6 000 dan ziyod yangi ishchi oʻrni yaratiladi.

Raqamli OKMK

Raqamlashtirish borasi kombinatda amalga oshirilayotgan ishlar xususida Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi boshligʻi Ravshan Maksumov media tur ishtirokchilariga “Yoshlik I” koni direksiyasida tashkil etilgan taqdimotda toʻliq maʻlumot berib oʻtdi.

Uning ta’kidlashicha, Prezidentning 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Raqamli OKMK – 2030” konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiyaga muvofiq belgilab qoʻyilgan vazifalar zaxira ma’lumotlar markazini yaratishni hisobga olgan holda mavjud server infratuzilmasini, OKMKning tarkibiy boʻlinmalarida Mahalliy hisoblash tarmogʻini, mavjud kompyuterlar bazasini va aloqa tizimlarini modernizatsiya qilish ishlarini qamrab oladi. Shu bilan birga, kombinatning uzoq masofada joylashgan korxona va boʻlinmalari ham yagona korporativ tarmoqqa ulanadi. Bu esa muvozanatli, yuqori unumdorlikka ega, xatolarga va ofatlarga chidamli ma’lumotlar markazining ishlashini ta’minlaydi, hamda kombinatning tarkibiy boʻlinmalarida korporativ axborot tizimlari va xizmatlaridan foydalanishni, barcha ma’lumot almashinuvlarini yagona raqamli aloqa maydoniga birlashtirib, axborot almashinish tezligini ta’minlaydi.

Bugungi kunda OKMKni raqamlashtirish uchun zarur infratuzilmani yaratish va modernizatsiya qilish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Raqamli OKMK – 2030” konsepsiyasiga asosan kombinatda kon-geologik axborot tizimlarini rivojlantirish konsepsiyasi ham ishlab chiqilgan boʻlib, u ushbu sohada xalqaro mutaxassislar tomonidan tan olingan dasturiy ta’minotlardan foydalangan holda oʻz faoliyatini amalga oshiradi.

Kon-geologik axborot tizimini amalga tadbiq qilish orqali kombinat ishlab-chiqarish quvvatlarini va samaradorligini oshirish, kelajakda 150 million tonnagacha ma’dan qazib olishga erishish, JORC kodeksining xalqaro talablariga muvofiq, kombinatning investitsion jozibadorligini oshirish, dunyo amaliyoti talablariga muvofiq korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, raqobatbardoshliligini oshirishga erishish maqsad qilib olingan.

Albatta, ushbu tizimni amalga oshirish orqali kombinat geologiya xizmati xodimlarining oldida hali koʻplab vazifalar amalga oshirilishi reja qilingan. Unga koʻra, kon ishlarini uzoq, oʻrta va qisqa muddatli strategik rejalashtirish, sifat koʻrsatgichlari dinamikasini hisobga olgan holda qazib olish ishlarining maqbul rejimini aniqlash talab etiladi. Bu ishlarni amalga oshirishda blokli modellardan foydalangan holda shartli modellashtirish hamda 3D fazoda sifat va miqdoriy parametrlarning joylashishini va taqsimlanishini aniqligini oshirish nazarda tutilgan.

Ushbu ishlar bosqichma-bosqich amalga tadbiq qilinishi oqibatida yagona ma’lumotlar bazasiga ega mineral resurslarni boshqarish va ishlab chiqarishni kon-geologik ta’minlash boʻyicha yaxlit axborot tizimi shakllantirilmoqda.

Media tur ishtirokchilarining navbatdagi manzillari Texnologik transport, Sanoat temiryoʻl transport va Avtomobil transport boshqarmalarida boʻldi.

Ushbu har uchala korxonada ham raqamlashtirish boʻyicha ishlar jadal amalga oshirilmoqda. Xususan, Sanoat temiryoʻl transporti boshqarmasida tashkil etilgan ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish va logistika xizmatida ham temiryoʻl transporti sohasidagi barcha ishlar toʻlaqonli avtomatlashtirilgan boʻlib, bu ishlab chiqarish samaradorligiga bevosita bogʻliq boʻlgan ruda tashish ishlarini jadallashtirishga yordam beradi.

Albatta, sanoat ishlab chiqarish sohasida texnologik transport tizimining alohida oʻrni bor. “Yoshlik-I”, “Qalmoqqir” va shu kabi boshqa karerlarda kon ustki qatlamini ochish, ruda qazib olish ishlariga jalb qilingan texnolgik transportlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash, ta’mirtalab transportlarda yuzaga kelgan muammolarning vaqtini aniqlash uchun yaratilgan maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

OAV vakillari ushbu mehnat jamoalarida raqamlashtirish  borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

Mis boyitish fabrikasida

«Olmaliq kon metallurgiya kombinat ishlab chiqarish quvvatlarini barqarorlashtirish va rekonstruksiya  ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari» doirasida Mis boyitish fabrikasida keng qamrovli rishlar amalga oshirib kelinmoqda.  Bu haqda media tur ishtirokchilarini fabrika bosh muhandisi Erkin Ortiqboev xabardor qildi.

2019 yil boshlangan rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari 2022 yilda yakunlanishi koʻzda tutilgan.

Rekonstruksiya ishlari doirasida fabrikaning barcha tsex va boʻlimlaridagi uskunlar zamonaviylariga almashtiriladi. Masalan, 2020 yilning oxirida Filtrlash va quritish uchastkasida namligi 8%dan koʻp boʻlmagan mis shixtasi olish hamda Mis eritish zavodiga uni uzluksiz yetkazib berish maqsadida “OUTOTEC” kompaniyasining “Larox PF60 132/140” press-filtrlari oʻrnatildi. Natijada ushbu press-filtrlar yiliga 21,7 mln. m3 tabiiy gazni, 8,6 mln.kVt/soat elektr energiyasini tejash imkonini beradi.

Yana bir e’tiborli jihat boyitish jarayonida rudadan oltinni ajratib olishda gravitatsion boyitish usuli qoʻllaniladi.  Buning uchun FLSmidth kompaniyasida ishlab chiqarilgan markazga intiluvchi Knelson konsentratorlari olib kelinayapti. Ushbu usul orqali erkin holatda uchraydigan oltin zarralarini ajratib olishda yuqori samardorlikka erishiladi, ya’ni mis konsentratidan oltinni ajratib olish darajasi  67%gacha oshadi.

Rekonstruksiya ishlari  amalga oshirilgach, MBFda  ruda tarkibidan mis ajratib olish darajasi 83%-84-85%ga yetkaziladi. Avval esa bu daraja 75-76% boʻlgan.

MBFda amalga oshirilgan chora-tadbirlar doirasida maydalagichlar olib kelinib, montaj qilindi. Flotatsion mashinalar va kontakt chanlari, nasos gidrosiklonlar olib kelingan.

Mahalliylashtirish dasturi samarali bajarilmoqda

Media turning soʻnggi manzili, kombinatda mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi sanalgan Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi boʻldi.

Kombinatda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosan ikki yoʻnalishda amalga oshirib kelinmoqda, - deydi OKMK Mahalliylashtirish boʻlimi boshligʻi Kozimjon Jumaboev. - Bu birinchi navbatda kombinatning mavjud va yangi quvvatlarida mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda yurtimizda faoliyat yuritib kelayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisoblanadi.

2021 yilning oʻtgan besh oyida kombinatda mahalliylashtirish dasturi doirasida 67 ta loyihalar asosida 73 mlrd. soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarishga erishilib, reja 126,4%ga bajarildi. Oʻsish sur’ati esa 125,1%.  Bundan tashqari, 308 ming dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

Xabaringiz bor, 2021 yil 22-24 aprel kunlari Navoiy kon-metallurgiya kombinatida “Metallurgiya, mashinasozlik, energetika, kimyo sanoati va qurilish materiallari sohasidagi Respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi” yoʻnalishida kooperatsion yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur yarmarkada kombinatimiz ham ishtirok etib, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali orqali 40 mlrd. soʻmdan ziyod shartnomalar tuzilishiga erishildi.

Kombinatda mahalliylashtirish dasturi ijrosi asosan Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Rux zavodi va Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi kabi mehnat jamoalari tomonidan bajarib kelinayapti.

MTMZda 2021 yil yanvar-may holatiga koʻra, mahalliylashtirish dasturi doirasida 5 oyda 41,4 mlrd. soʻmlik  mahsulot ishlab chiqarilgan.

Yaqin istiqbolda mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish maqsadida, zavodni modernizatsiya qilish va buning natijasida texnologik uskunalar uchun hozirda import orqali sotib olinayotgan ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni ushbu boʻlinma quvvatlarida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Rux zavodida esa 10,9 mlrd soʻmlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ham 2021 yilning oʻtgan 5 oy davomida dastur ijrosi boʻyicha quvonarli natijalar qayd etildi. Yanvar-may holatiga koʻra, 20,6 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlib, reja 103,8%ga uddalangan. 32ta loyiha amalga oshirilgan.

Media tur ishtirokchilari MTMZda amalga oshirilayotgan qizgʻin mehnat jarayoni, yangi keltirilgan texnologik uskunalar haqida ham maʻlumotlarga ega boʻlishdi.

Sherzod Tilovberdiev

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech