A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Har biringiz e'zozga, ardoqqa munosibdirsiz!

on .

Mehnati ulug‘, kasbi sharafli bo‘lgan qadrli shifokorlar! Inson hayoti va salomatligini asrashdek zahmatli va ezgu ishga o‘zini baxshida etayotgan jonkuyar tibbiyot xodimlari!

Siz azizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Dunyo tarixidan ayonki, har bir davrning turli murakkab va keskin vaziyatlari o‘z qahramonlarini yuzaga chiqaradi. So‘nggi yillarda pandemiya sharoitida sizlar chinakam ma'noda davr qahramonlari sifatida e'tirof etilmoqdasiz. Aziz joningiz uchun qanchalik xavf tug‘dirmasin, fidoyi va qahramonlarcha nafaqat hamshaharlarimizning, balki yurtimiz ahlining salomatligini muhofaza qilishda jonbozlik ko‘rsatdingiz va ko‘rsatmoqdasiz. Qolaversa, izlanish, tajriba va mahorat orttirishda zamon bilan hamnafas odimlab borayotirsiz. Bunda albatta, burchingiz va qasamyodingizga sodiqligingiz namoyon bo‘ladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda Sizlarning zalvorli mehnatingizni munosib qadrlash, ish va turmush sharoitlaringizni yaxshilash, moddiy va ma'naviy jihatdan rag‘batlantirishga jiddiy yondashilmoqda. Shuningdek, bilim va ko‘nikmalaringiz, mahoratlaringizni oshirishingiz uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu kabi har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.

Olmaliq shahrining 130 mingdan ziyod aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan 2 mingdan ziyod tibbiyot xodimlarining mehnatlarini biz hamisha qadrlaymiz. Kombinatimiz inson hayoti va salomatligi uchun mas'ul bo‘lgan Tibbiyot xodimlari uchun munosib ish sharoiti yaratish, ularning og‘irini yengil qilishga doim tayyor.

Kombinat homiyligida shahrimizda tibbiyot muassasalarini ta'mirlash va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlash ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

O‘tgan yillar davomida Bolalar shifoxonasi, Markaziy shifoxona, Tug‘ruq kompleksi mukammal ta'mirlanib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, kelgusi yilda asosan kombinat ishchi-xodimlari uchun tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan ko‘p tarmoqli poliklinikani mukammal ta'mirlashni rejalashtirganmiz.

Bundan tashqari kombinat korxonalarida 30 ga yaqin tibbiy tayanch punktlari  mukammal ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi. Bu bilan esa mehnat jamoalarida ishchi-xodimlarimizning salomatliklarini asrash va birinchi yordam ko‘rsatishga mas'ul bo‘lgan tibbiyot xodimlari uchun munosib ish sharoiti yaratib berilmoqda.

Kombinat tomonidan o‘tgan yilda murakkab pandemiya davrida aholi salomatligini saqlash va tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga 11 mlrd.so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan edi. Bundan tashqari, Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash muassasalari uchun 7.762 mlrd. so‘mga 55 ta tez yordamga mo‘ljallangan transport vositalari xarid qilindi va 3 dona “ISUZU” rusumli tez yordam avtomashinalari sotib olinib, Olmaliq shahar tibbiy birlashmasiga topshirildi.

Korxona mablag‘lari hisobiga shahrimizda virusologiya laboratoriyasi qurildi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Bundan tashqari kombinatimiz sanatoriy-profilaktoriy kapital ta'mirlanib foydalanishga topshirildi. 

Kombinat tibbiyot xodimlarining mehnat samaradorligini yanada oshirish va ish sharoitlarini yaxshilash yo‘lida xayrli ishlarni bundan keyin ham davom ettiradi.  

Fursatdan foydalanib, har qanday mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, jasorat va matonat namunasi bo‘lib kelayotgan Siz aziz shifokorlarni o‘z nomimdan, ko‘p ming sonli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi nomidan kasb bayramingiz bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga va xonadonlaringizga tinchlik-totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka, mashaqqatli faoliyatingizda kuch va shijoat tilayman. Hurmatingiz doim baland, sog‘ligingiz hamisha mustahkam bo‘lsin! Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz shifokorlar!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech