A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Konstitusiya - tinchlik, barqarorlik va oldinga intilishlar kafolatidir

on .

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, aziz hamshaharlar!

Sizlarni ulug‘ ayyom - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, xalqimizning istiqlol yillarida erishgan eng ulkan tarixiy yutug‘i - Konstitutsiyamiz suveren davlatimizning huquqiy negizini shakllantirishning asosiy poydevori, mustaqil davlatchiligimizning tamal toshi bo‘ldi. Shu qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma'noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.

Bugungi kunda Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini ta'minlash bo‘yicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Asosiy Qonunimizda kafolatlangan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va kuchli ijtimoiy himoyani ta'minlash bo‘yicha har bir insonning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishda barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Konstitusiyamizda o‘z ifodasini topgan adolat tamoyilini amalda ta'minlash bo‘yicha ham katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, umummilliy ta'lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e'tibor qaratilmoqda. Bularning barchasi yurtimizda Uchinchi Renessans - milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qiladi.

Aholining siyosiy ongi va faolligi oshishida demokratik yangilanish va fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini amalga oshirishda muhim o‘rin tutayotgan Konstitusiyamiz va qonunlarga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar sabab demokratik tamoyillarni to‘laqonli o‘zida aks ettirgan tizim yaratilmoqda, deyish mumkin. Bunga misol qilib joriy yilning 31 may kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Saylov Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni shu yilning 24 oktyabrida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida fuqarolarning saylov huquqlarini kafolatlash, saylovoldi jarayonida hamda saylovda qonun ustuvorligini ta'minlash, aholi keng qatlamiga o‘z fuqarolik pozisiyasini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berganini keltirish mumkin.

Bosh Qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatiga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot - yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.

“Yangi O‘zbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

Konstitusiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi bo‘lgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Yana shuni ham ta'kidlash kerakki, Asosiy Qomusimiz kafili sifatida Konstitusiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solib, hamjihatlikdagi faoliyatimizni davom ettiramiz.

Ko‘p ming sonli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham har bir ishchi- xizmatchining konstitusion huquqlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Biz uchun eng muhimi - Inson huquq va manfaatlarini himoya qilish. Bosh Qomusimizning asosiy g‘oyasi ham shu ezgu maqsadga yo‘naltirilgan. Mana shu maqsadlarni amalga oshirish yo‘lidan og‘ishmay, sobitqadamlik bilan tinch va osoyishta, farovon yashashimizning qonuniy kafolati Konstitusiyamizni amaldagi ijrosi uchun islohotlar sur'atini saqlab qolish bugun har qachongidan muhim deb o‘ylaman.

Bir so‘z bilan aytganda, Konstitusiyamizning g‘oya va normalari o‘zbek xalqining teran tarixiy ildizlariga asoslanib, ko‘p asrlik tajriba va ma'naviy qadriyatlarni, ulug‘ ajdodlarimizning huquqiy merosini o‘zida mujassam etgan ekan, bu Qonunlarimiz majmuasiga amal qilish, ijrosini ta'minlash har birimizning burchimizdir.

Qadrli kombinat ishchi-xodimlari!

Biz uchun muhim hayotiy qo‘llanma, g‘urur-iftixorimiz, kerak bo‘lsa, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, tili, dinidan qat'iy nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir himoya bo‘lgan Konstitusiyamiz har birimizning hayotimizga baxt- saodat va quvonch olib kelsin. Sizlarni yana bir bor Konstitusiya kuni bayrami bilan muborakbod etaman. Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, shaxsiy va ijtimoiy hayotda katta muvaffaqiyatlar tilayman. Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi samarali mehnatlaringizga zafarlar yor bo‘lsin. Jamiki ezgu orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis senati a'zosi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech