A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Boshqaruv raisining Vatan himoyachilari kuniga tabrigi

on .

Qadrli Qurolli kuchlarimizning harbiy xizmatchilari va faxriylari, huquq-tartibot idoralari xodimlari!

Avvalo, barchangizni yurtimiz hayotidagi shonli sana – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Dunyoda sharafli kasblar ko‘p, ular orasida eng sharaflisi o‘z ona Vatani va xalqining tinchligi uchun xizmat qilishdir.

Bugungi kunda Milliy armiyamiz ming-minglab o‘g‘lonlarimiz uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylandi. Bu haqiqatni yurtimizdagi barcha ota-onalar, butun xalqimiz g‘urur bilan, minnatdorchilik bilan e'tirof etmoqda.

Hozir onalar o‘z farzandlarini armiyaga ko‘zda yosh, yurakda xavotir bilan emas, balki mening o‘g‘lim haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ladi, degan yuksak ishonch va faxr tuyg‘usi bilan kuzatmoqda. 

Muddatli harbiy xizmatning bir yil etib belgilanganligi, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatining joriy etilganligi, chaqiruvning bir yilda bir marta tashkil qilinishi armiyamizning jangovar tayyorgarligini keskin oshishiga olib keldi.          

Zobitlar va serjant kadrlarni tayyorlash hamda malakasini oshirishning zamon talablariga javob beradigan samarali tizimi yaratildi.

Xususan, harbiy xizmatni o‘zining kasbi, Vatan va xalq oldidagi muqaddas burchi deb bilgan o‘g‘lonlarimizni sharaflash, ularga ehtirom ko‘rsatish barchamiz uchun qarz ham farzdir.

Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishonining ta'sis etilgani bu shonli sananing, Vatan himoyasining nechog‘li ulug‘ va sharafli ekanini yana bir isbotidir.

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Barchamiz bir fikrni yaxshi anglab olishimiz kerak: el-yurtimizning tinchligini ta'minlash maqsadida bugun mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning qanchalik samara berishi armiya va xalqning birdamligiga bog‘liq".

Kecha o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash bugun ham, kelajakda ham eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Chunki faqatgina tinchlik-osoyishtalik mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishining asosiy kafolatidir. Yangi – 2022 yil hamma sohada, jumladan, Qurolli Kuchlar tizimida ham hal qiluvchi yil bo‘lishi shart”- deb ta'kidlab o‘tdilar.

Darhaqiqat, birdamlik - bu tinch va farovon hayotimizning bosh kafolatidir. Tinchliksevar va oliyjanob xalqimizning birdamligi, Xalq va Armiya birligi, hamkorligi tufayli Milliy armiyamiz qudrati kun sayin oshib bormoqda.

Shu o‘rinda yana bir masalaga e'tibor qaratishni joiz deb bilaman: Dunyoda Tinchlikdan aziz ne'mat yo‘q va bo‘lmaydi ham! Kuni kecha qo‘shni Qozog‘iston davlatida bo‘lgan voqealar misolida notinchlik davlat va xalq  uchun qanchalar katta yo‘qotish va og‘ir bo‘lishining guvohi bo‘ldik. Bu sinovlarni, og‘riq va yo‘qotishlarni qo‘shni qozoq eli hamjihatlik va sabr bilan yengmoqda. Barchamiz bu hodisalardan saboq olishimiz, xulosa chiqarishimiz, yurtimizdagi Tinchlik va Mustaqillikni asrab-avaylashimiz shart va zarur! Tinchlik uchun duo qilayotgan, halol mehnat qilib, tinch kunlariga shukronalik keltirayotgan har bir yurtdoshimiz – aslida Vatan himoyachisidir.

Qadrli Vatanimiz himoyachilari!

Sizlarni shonli bayram bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.

Xalqimizga munosib va haqli ravishda faxrlana oladigan ishlaringiz bardavom bo‘lsin.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik, xizmatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Chegaralarimiz daxlsiz, osmonimiz musaffo bo‘lsin.

Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz Vatan himoyachilari!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech