A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

“Olmaliq  KMK” AJ  Boshqaruv  raisi MUROJAATI

on .

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishchi va rahbar  xodimlari!

Ma'lumki, bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali va ta'sirchan yo‘li  bu - faoliyatning har bir bosqichida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlashdir.

Jumladan, Kombinat va uning tizimida ham ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash borasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Birinchidan, Kombinat Ijro apparatida 2ta xizmat (bo‘lim)dan hamda 12ta shtat birligidan iborat bo‘lgan “Komplaens va ishlab chiqarish-moliyaviy xatarlarini monitoring qilish boshqarmasi” korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmasi tashkil etildi.

Ikkinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi hamda jahondagi “Katta to‘rtlik”ka kiradigan “Ernst and Young Advisory” auditorlik kompaniyasi bilan hamkorlikda Kombinatning jami 16ta ichki normativ hujjatlari ishlab chiqildi.

Ushbu hujjatlardan 7tasi o‘rnatilgan tartibda tasdiqlandi va joriy etilmoqda.

Uchinchidan, Korrupsiyaviy holatlar haqida xabar berish uchun barcha turdagi aloqa kanallarining (Ishonch telefonlari, koll. markaz, elektron pochta manzillari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar) uzluksiz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

To‘rtinchidan, “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” o‘n kunligi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligining mas'ul xodimlari ishtirokida 22 noyabr - 2 dekabr kunlari davomida jami 53ta turli shakldagi targ‘ibot va tashviqot tadbirlari o‘tkazildi.

Jumladan, 9ta ochiq davra suhbatlari, 10ta ochiq eshiklar kunlari, 21ta turli mavzudagi uchrashuvlar, Kombinatning salohiyatli xodimlari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yinlarining 10ta hududiy va 1ta final bosqichlari, 2ta sahna chiqishlari kabi ma'naviy-ma'rifiy-tashviqot tadbirlari yuksak saviyada tashkil etildi.

Beshinchidan, Kombinatning barcha xaridlari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, davlat xaridlarining maxsus elektron portali orqali amalga oshirilmoqda.

Xususan, tanlov va tender kabi xarid turlarida tijorat takliflarini qog‘oz ko‘rinishida qabul qilish amaliyotidan butunlay voz kechildi va ishtirokchilarning takliflarini elektron ko‘rinishda maxsus axborot portaliga joylashtirish tartibi joriy etildi.

Bunday tizim, birinchi navbatda chet el ishlab chiqaruvchilari va korxonalariga davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashish imkoniyatini yaratib bergan bo‘lsa, ikkinchidan xaridlar jarayonini raqamlashtirish orqali inson omilining ta'sirini keskin qisqartishga erishildi.

Bundan tashqari, mutaxassislarimiz tomonidan puxta ishlab chiqilgan texnik topshiriqlar, hisob-kitoblar, tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lon hamda xaridlarga oid tegishli hujjatlar bo‘yicha Kombinatning barcha turdagi xaridlari davlat vakolatli organi - Kompleks ekspertiza qilish markazi tomonidan taqdim etiladigan ijobiy xulosa asosidagina amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Oltinchidan, “KPMG” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan xarid jarayonlari Kombinatning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish (“forenzik”) bo‘yicha yalpi auditdan o‘tkazilib, konsultantlarning xulosa va tavsiyalariga ko‘ra, mavjud xarid tizimlari ilg‘or xalqaro tajriba asosida yanada takomillashtirildi.

Bu borada, jahonning yirik to‘rtligi ro‘yxatidagi “KPMG” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan biznes jarayonlarini tahlil qilish, IT tizimini baholash va xaridlarni boshqarish bo‘yicha ERP tizimini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Yettinchidan, uskuna va jihozlar, ehtiyot va butlovchi qismlar, xom-ashyo resurslari va boshqa mahsulotlarning import hajmini qisqartirishga qaratilgan keng ko‘lamli hamda tizimli ishlar amalga oshirildi.

Chunonchi, xarid jarayonlarida bevosita ishlab chiqaruvchilarning ishtirokini ta'minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish, Kombinat quvvatlaridan foydalangan holda import tovarlarni ishlab chiqarish hamda yetkazib beruvchilar bilan qo‘shimcha muzokaralar olib borish orqali shartnoma narxlarini maqbullashtirish kabi tadbirlarni alohida sanab o‘tish joiz.

Bu borada, import qilinayotgan 2000 dan ziyod tovarlar katalogi ishlab chiqildi va sanoat yarmarkalarida tarqatildi. Shuningdek, import o‘rnini bosuvchi tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan Ahdlashuv memorandumlari imzolandi.

Sakkizinchidan, Kombinat amalga oshirayotgan investitsiya loyihalari ustidan samarali Jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.

Bunda, Kombinatda joriy etilayotgan investitsiya loyihalari to‘g‘risidagi tafsilotlar, raqamlar, hisobot va ma'lumotlar muntazam ravishda internet tarmog‘idagi rasmiy veb-sahifasida, Youtube tarmog‘ida, Xalqaro press klub platformasi orqali hamda jurnalist va blogerlar ishtirokidagi press-turlarda, shuningdek, boshqa OAVlarida ochiqlanib kelinmoqda.

To‘qqizinchidan, Kombinat va uning tizimidagi hisobotlar hamda ma'lumotlarni yig‘ish, byudjetni rejalashtirish muddatini maqbullashtirish maqsadida, buxgalteriya, moliyaviy hisobot va ma'lumotlar konsolidatsiyasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi tadbiq etildi.

O‘ninchidan, Kombinatdagi mavjud 1700ta transport vositalariga GPS tizimi, shuningdek barcha karyer samosvallari hamda ko‘chma yoqilg‘i quyish avtotransport vositalariga yoqilg‘i sarfini nazorat qilish tizimi o‘rnatildi va buning natijasida o‘tgan yilda 16,7 ming tonna dizel yoqilg‘isi tejalishiga erishildi.

O‘n birinchidan, ishga qabul qilish jarayonlarini ochiq, oshkora va shaffof tanlovlar asosida tashkil etish maqsadida fuqarolarning ariza hamda ma'lumotnomalarini elektron shaklda qabul qilish, ishga qabul qilish bo‘yicha tanlovlarni internet tarmog‘ida onlayn rejimda namoyish etish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kombinat va uning tizimiga fuqarolarni ishga qabul qilishda, iqtidorli xodimlarning xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilishida ularning kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini odilona, oqilona va ob'yektiv baholash asosida eng munosib hamda noyob qobiliyat sohiblarini tanlab olishni nazarda tutuvchi meritokratiya tamoyili bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Navbatdagi bosqichda, Kombinat va uning tarkibiy bo‘linmalarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish menedjmenti tizimlari – Foydalanish bo‘yicha talablar va tavsiyalar” xalqaro standarti hamda boshqa xalqaro tan olingan sertifikatlarni qo‘lga kiritish rejalashtirilgan.

Ishonchim komilki, Kombinatimizning  ahil jamoasi, barcha ishchi va rahbar xodimlari korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda qabul qilingan amaldagi qonunchilik hujjatlariga, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalariga hamda kasbiy odob-axloq qoidalariga qat'iy rioya etgan holda, o‘zlarining shaxsiy namunalarini ko‘rsatadilar.

 Abdulla   XURSANOV,

“Olmaliq   KMK”   AJ   Boshqaruv   raisi,   senator

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech