A- A A+

Tadbirlar

“Yosh kitobxon” ko’rik tanlovining g’oliblari aniqlandi

on .

Bashariyatning eng muhim kashfiyotlaridan biri bo’lgan kitob necha asrlar osha insonning ma’naviy barkamolligiga xizmat qiluvchi vosita sifatida yashab kelmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o’rganish va targ’ib qilish maqsadida yoshlar o’rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to’g’risida”gi qarori yoshlar o’rtasida kitobxonlikni keng targ’ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Odam bolasiga xos turfa hislatlar, taqdirlar, hissiyotlar kitobxon qalbini titroqqa solib, qahramonlar orqali o’zligimizga, botiniy dunyomizga nazar solishga undaydi. Asar qahramonlari bilan yonma-yon yashaymiz, go’yo. Kitoblar olamiga sayohat orqali ongu shuurimizda mehnatsevarlik, Vatanga muhabbat, ota-onaga mehr, vafo kabi insoniy tuyg’ular qaror topib boraveradi. Zero, kitobning ma’naviy kuchidan quvvat olgan kishidan yomonlik chiqmaydi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo'yicha 5 ta muhim tashabbusi”ni Olmaliq shahri va “Olmaliq KMK” AJ yoshlari o’rtasida keng targ’ib qilish to'g’risidagi kombinat boshqaruv raisining 2021 yil 26 martdagi 362-sonli buyrug’i ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida 19 va 21 aprel kunlari yoshlar o’rtasida “Yosh kitobxon” ko’rik tanlovi bo’lib o’tdi.

Mazkur tanlovni 4 bosqichda o’tkazish nazarda tutilgan bo’lib, 1-bosqich “O’zbek adabiyoti bilimdoni” deb nomlanib, ushbu shartda ishtirokchilar hakamlar hay’ati tomonidan tavsiya etilgan badiiy adabiyotlarning mazmun mohiyatini 2 daqiqa ichida sharhlab berishi talab etildi. “Jahon adabiyoti bilimdoni” bosqichida esa tanlov qatnashchilari tavsiya etilgan dunyo adabiyotining mazmunini shahrlab berishlari kerak edi. “Buyuk mutafakkirlar va adib” deb nomlangan 3-bosqich shartlariga ko’ra, yosh kitobxonlar o’zbek mutafakkiri yoki adabining ismi-sharfi berkitilgan biletlardan birini tanlab, 2 daqiqa ichida ushbu adibning hayoti va ijodiga doir ma’lumotlarni so’zlab berishi talab etildi.

Va nihoyat, 4-, “She’riyat” deb nom olgan bosqichda eng yuqori ball to’plagan ishtirokchilardan 7 nafari o’rtasida “bahr-u bayt” o’tkazilib, ular o’zlari yod olgan 4 misra she’rni aytib berishdi va keyingi ishtirokchi she’r tugagan so’nggi harfdan boshqa bir nazm namunasini yod oldi.

Tanlov yakunlariga ko’ra, shahrimizdagi 23-umumta’lim maktabi o’quvchisi Fotima Sobirova 3-o’rinni qo’lga kiritgan bo’lsa, OKMK Qalmoqqir kon boshqarmasi temiryo’l ishchisi Mansur Abdullayev 2-o’ringa sazovor bo’ldi. O’z bilim va salohiyatini mohirona namoyish eta olgan shahrimizdagi 13-maktabning ona tili va adabiyoti o’qituvchisi Yulduz Xamidjonova 1-o’ringa loyiq deb topildi.

Barcha g’oliblarga Olmaliq kon metallurgiya kombinati kasaba uyushmalari qo’mitasi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg’alar taqdim etildi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech