A- A A+

Tadbirlar

O’zbek bulbulining xotirasi mangu

on .

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 dekabr kunidagi “O’zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to’g’risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham qaror ijrosi ta’minlanmoqda.

2021 yil 29 aprel kuni OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan “Metallurg“ MSda tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham aynan o’zbek estradasiga tamal toshini qo’ygan, bektakror ovoz sohibi Botir Zokirov tavalludining 85 yilligiga bag’ishlandi.

Botir Zokirov — atoqli o’zbek xonandasi, rassom va adabiyotshunos, turli janrlarda qo’shiqlar kuylagan. O’zbek xalq qo’shiqlari, o’zi bastalagan qo’shiqlar, o’zbek va rus bastakorlarining qo’shiqlari, shuningdek, xorij shlyagerlarini, asosan, asl ko’rinishida kuylagan. Bir nechta xorij tillarini bilgan.

Xalqning sevimli san’atkori, uni o’zbek bulbuli deyishgan. Nafaqat ona yurtida, balki chet davlatlarda ham hanuz xotirlashadi.

Uning qo’shiqlari hanuz jaranglaydi, qilgan xayrli ishlari esa yashashda davom etmoqda.

Taniqli o’zbek rassomi, qo’shiqchi, aktyor va adabiy arbob, O’zbekiston xalq artisti.

Botir Zokirov 1936 yil 26 aprel kuni tug’ilgan.

1956 yil “Yoshlik” yoshlar ansamblini tashkil etadi va tez orada shuhrat va e’tirof qozonadi. Xonandani ovozini bir eshitgan odam, albatta, uning ovozini eslab qolar, qo’shiqlariga mehr qo’yar edi. U qalb tubidan larzaga soluvchi toza, ta’sirchan, allaqanday betakror, “bulbuligo’yo” yumshoq-ovoz tembriga ega bo’lgan. 1957 yil Moskvada bo’lib o’tgan xalqaro yoshlar va talabalar festivalida u ilk bor “Arab tangosi”ni ijro etgan. Plastinkaga yozib olingan bu qo’shiq yashin tezligida dunyo bo’ylab tarqadi va uning iqtidori shinavandalari tomonidan hanuz sevib kelinadi.

50-60-yillar oxiriga kelib, u turli janrlardagi ijrochi sifatida sobiq ittifoqda juda mashhur bo’lgan. U bor vujudi bilan kuylagan: opera ariyalari, o’zbek xalq qo’shiqlari, sovet bastakorlarining qo’shiqlari, xorij shlyagerlari. Uning ovozi radio va televideniyalarda jaranglagan, konsertlari havaskorlari orasida katta shov-shuvga sabab bo’lgan, yakkaxon konsertlarida ortiqcha qadam bosishga joy bo’lmagan.

Xonandaning boy repertuari ham hayratga solar edi. Ushbu repertuardan mohirona ijrodagi o’zbekcha qo’shiqlarigina o’rin olmagan — hozirgacha hech kim uning go’zal va ifodali ijrosi bilan raqobatlasha olmaydi. 60-yillar o’zbek estradasida aynan uning ijrosida italyan, fransuz, ispan, rus, yunon tilidagi qo’shiqlar jaranglay boshlagan.

Xonanda xali 30 yoshni qarshi olmay, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artisti unvoni bilan taqdirlangan. B. Zokirov boshqa ko’plab ijod sohalarida iqtidorli bo’lgan: tasviriy san’at, rejissura, tavsifchilik.

Kinoda ham suratga tushgan. Botir Zokirov ishtirokidagi eng mashhur filmlardan biri “Dahoning yoshligi” bo’lib, 1982 yil rejissor Elyor Ishmuhammedov tomonidan suratga olingan. Botir Zokirov hayotdan  barvaqt ko’z yumdi. Yoshligidan og’ir betob bo’lgan va go’yoki, oz muddat ichida istagan barcha ishlarini bajarishga ulgurishga shoshganday. 1985 yil 23 yanvar kuni Toshkent ahli qo’shiqchi bilan vidolashdi.

Ushbu fikrlar Zokirovlar sulolasining vakilasi, tadbir mehmoni O’zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova tomonidan bildirildi.

Gavhar Zokirova tomonidan Botir Zokirovning insoniy fazilatlari, u bilan bog’liq bo’lgan qiziqarli voqealar hikoya qilib berildi.

Tadbir ishtirok etgan O’zbekiston davlat san’at va  madaniyat instituti katta o’qituvchisi Davlat Mullajonov ham Botir Zokirov bilan bog’liq xotiralari bilan o’rtoqlashdi.

Shuningdek, mazkur oliygohda tahsil olayotgan talabalar ijrosidagi Botir Zokirovning qo’shiqlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo’ldi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech