A- A A+

Tadbirlar

“Biznes marafon” yoshlarga kuchli motivtsiya

on .

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 aprel kuni yoshlar bandligi va ularning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo’yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig’ilishida aka-uka tadbirkorlar Hasan-Husan Mamasaidovlar tomonidan yo’lga qo’yilgan yoshlarni tadbirkorlikka bepul o’qitish tashabbusi — “MFaktor” loyihasi qo’llab-quvvatlanib, 480 ming yoshlarni onlayn platformada o’qitayotganligi alohida ta’kidlab o’tilgan edi.

Prezident yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishlari katta bo’lgani bilan ular kerakli ko’nikmalarga ega emasligini, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, biznesdagi “risklar”ga o’rgatish zarurligini qayd etib o’tgan edi.

Joriy yilning 21 aprel kuni imzolangan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash va bandligiga ko’maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Prezident farmonida 1 maydan boshlab “yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga biznes boshlash uchun subsidiyalar ajratilishi, ularda biznes ko’nikmalari hosil bo’lishi uchun tajribali tadbirokrlar ishtirokida uchrashuvlar o’tkazish va boshqa masalalar belgilab qo’yildi.

Shu maqsadda, 28 aprel kuni “Metallurg” madaniyat saroyida Toshkent viloyati va Olmaliq shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentliklari va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamkorligida mamlakatimizning bir qator taniqli tadbirkorlari ishtirokida “biznes marafon” tashkil etildi.

Biznes marafonda “Deli.uz” va “MFaktor”loyihalari asoschisi Husan Mamasaidov, SAP Uzbekistan direktori Laziz Adhamov, “Moliya.uz” asoschisi SHohida Ibragimova, “Tomson scholl” o’quv markazi asoschisi Shahzod Bahodirov va boshqalar ishtirok etishdi.

- Biznes katta tavakallchilikka asoslangan faoliyat, - deydi Husan Mamasaidov. – Ammo, oldingizga maqsad qo’yib, intilsangiz, harakat qilsangiz o’ylagan niyatingizga erishasiz. Maqsadlarni amalga oshirish uchun esa albatta, bilim kerak. Yoshlarga maslahatim ko’proq bilim oling. Hozirgi kunda jahonda kuchli dasturchilarga, ya’ni IT sohasidagi kuchli mutaxassislar kerak. Aynan shu soha vakillariga ham ko’p maosh taklif etilayotgani ham sir emas. Yo’qotishlaridan qo’rqmaslik kerak. Har qanday omadli biznesmen ham albatta katta yo’qotishga duch kelgan.

- Husan aka to’g’ri aytdi. Hozirgi kunda dasturchilarga talab ko’p. Microsoft kompaniyasining bosh direktori misolida olaylik.  2014 yildan buyon mashhur kompaniyaga bosh direktorlik qilib kelayotgan Satya Nadella Hindistonning Haydarobod shahridan. Unga bir yilga 180 mln dollar maosh to’lashadi. Uning boy tajribasi bois kompaniya 5 yilda juda katta mablag’ topdi, -  deydi Laziz Adhamov. – IT sohasida kuchli mutaxassislarni izlab, O’zbekistonda 2 yilda 48 nafarini topdik. O’zimizda 3-5 ming dollar maosh to’laydigan ishlar bor, ammo mutaxassis yo’q. Ishingizdan zavq ola bilsangiz, qilayotgan ishingiz o’zingizga yoqsa natija zo’r bo’ladi. Yana bir misol Muzaffar degan hamyurtimiz, Namangan viloyatidan yaqinda o’zi yaratgan startapini  Dubayda 400 mln. AQSh dollariga sotdi. O’zimizning yigitlar yaratgan Payme ilovasini olaylik, bu startap ham katta miqdorda mablag’ga sotilgan. Aziz yoshlar, qo’rqmang. Siz ham nimanidir yarata olasiz.

Tadbirkorlikka qadam qo’ygan va bu sohada yaxshigina biznes g’oyalarga ega bo’lgan yoshlar uchun ushbu tadbir yangi bilim va tajribalar uchun turtki bo’ldi, desak mubolag’a bo’lmaydi.

Yoshlar o’zlarini qiynab kelayotgan muammolar, tadbirkorlik borasidagi savollariga malakali mutaxassislardan javoblar olishdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech