A- A A+

Tadbirlar

Kombinatda Navro‘z ayyomi keng nishonlandi

on .

Ayni kunlarda mamlakatimizda Navro‘zi olam shukuhi kezib yuribdi. Millati, tili va dinidan qat’iy nazar, har bir vatandoshimiz o‘zining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan Yangi O‘zbekistonda Navro‘z tom ma’noda umumxalq bayramiga aylanib, el-yurtimiz tomonidan katta shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda. Shahrimizda ham umumxalq bayrami bo‘lgan Navro‘z ayyomi katta tantanalar bilan kutib olindi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi hamda Olmaliq shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan bayram tantanalari katta xalq sayliga aylanib ketdi.

“ASSALOM, NAVRO‘Z - YANGILANISH, MEHR-OQIBAT VA QADR-QIMMAT AYYOMI!” deb nomlangan ayyom tantanalarida kombinat tarkibiy bo‘linmalari, shahrimiz oliy ta’lim va umumta’lim muassasalari, mahallalar faol ishtirok etishdi.

Tadbirda tashkil etilgan sportning boks, belbog‘li kurash, shashka, shaxmat, arqon tortish va tosh ko‘tarish bo‘yicha musobaqalarda hamshaharlarimiz g‘oliblik uchun bellashdilar.

Xalqimizning qadimiy - “Oq terak-ko‘k terak”, “Eshak mindi”, “Lanka o‘yini”, “Quloq tortish”, “Xo‘roz jangi”, “Arqonda sakrash”, “Janbil” kabi milliy o‘yinlari barchada qiziqish uyg‘otdi.

“Milliy dorbozlar” jamoasi, polvonlar, masxarabozlar, janglyorlar tomonidan tayyorlangan tomoshalar hamshaharlarimiga manzur bo‘ldi.

Jajji bolajonlarga tashkil etilgan qo‘g‘irchoq teatri namoyishlari, ertak qahramonlari ishtirokida milliy o‘yinlar, rasmlar ko‘rgazmasi va boshqa qiziqarli ko‘ngilochar tomosha dasturlari ularga bir olam quvonch bag‘ishladi.

“Har kuning bo‘lsin Navro‘z!” shiori ostidagi konsert dasturi esa “Metallurg” MS badiiy ijodiy jamoalari chiqishlari va estrada xonandalari Abdurashid Yo‘ldoshev hamda Alijon Isoqovlarning dilrabo taronalari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Bahoriy taomlar – sumalak, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara va boshqa milliy taomlar tanlovi ham ajoyib tashkillashtirildi.

Bayram tadbirida kombinat tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida mamlakatimiz viloyatlarining milliy qadriyatlari va urf-odatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tanlovi ham o‘tkazilib, unda har bir viloyatni aks ettiruvchi pavilonlar tashkil etildi.  Mazkur tanlovda Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi mehnat jamoasi hamda OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha komissiyasi gran-priga sazovor bo‘ldi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi pavilonini tashkil etgan Rux zavodi jamoasi hamda Buxoro viloyati milliy qadriyatlari va urf-odatlarini namoyon etib bergan “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti mehnat jamoalari 1-o‘ringa sazovor bo‘lishdi.

Mazkur tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech