A- A A+

Yangiliklar

"Men yangi va baxtli hayotni tanlayman" Respublika II forumi

on .

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi hamda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan Oliy Majlis Senati, BMT Aholishunoslik jamg’armasining O’zbekistondagi vakili Yu Yu, Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda nodavlat  tashkilotlar  bilan hamkorlikda “Men yangi va baxtli hayotni tanlayman” mavzusida Respublika II forumi Olmaliq shahri, “Metallurg” madaniyat saroyida o’tkazildi.

Bugungi kunda O’zbekistondagi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy  hayotida to’laqonli ishtirok etishiga erishish, ular o’rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. So’nggi uch yilda mamlakatimizda  xotin-qizlar ahvolini yaxshilash,  ularning ijtimoiy himoyalanishini kuchaytirish, jamiyat rivoji va davlat boshqaruvidagi  faolligini  oshirish  davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi.

Forum avvalida madaniyat markazida "Mehnat yarmarkasi" hamda yosh rassomlar, musiqachilar, tadbirkor ayollar va yoshlar, hunarmandlar uyushmasi, innovatsion yoshlar jamoat birlashmasining ko’rgazmalari namoyish etildi.

Forumda so’zga chiqqan mutasaddilar, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini to’laqonli ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida respublika, viloyat va tuman (shahar) ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo’yicha inspektor lavozimlari joriy etilganligi, ularga bevosita xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni  mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda qiyin ahvolga tushib qolgan har bir xotin-qizga yordam ko’rsatishni tashkil etish, ular o’rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko’rish vazifalari yuklatildi.

Bugungi kunda ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohatlar jarayonida, xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilishi natijasida shaxsiy tarkibda ayollar ulushi deyarli 11 foizga yetdi.

2019 yil 2 sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risida”gi (O’RQ-561-son) hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”gi (O’RQ-562-son) Qonunlari qabul qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organ hamda muassasalar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etgan, ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj, og’ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan, oilaviy muammolarga, turmushida zo’rlik ishlatilishiga duch kelgan ayollarni aniqlash, ular bilan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarni o’tkazish va shu orqali sog’lom turmush tarziga qaytarish eng dolzarb masalaga aylandi.

Bo’ka tumanidagi 15-sonli mehribonlik uyi va “Chinoz-o’quv tarbiya” muassasasi tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko’rinishlari ham forum davomida namoyish etildi. Olmaliq shahar Madaniyat bo’limi qoshida tashkil topgan “UFQ” havaskorlik teatri jamoasi tomonidan tayyorlangan “Oilaviy ajrim” mavzusidagi teatr tomoshasi tadbir rejasiga kiritilgan navbatdagi chiqish bo’ldi.

Forum so’ngida bir guruh soha fidoyilari va tadbir ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Ko’tarinki ruh va yaxshi kayfiyatda yakunlangan bu kabi forumlar jamiyatimizda ayollarga qaratilayotgan e’tiborning yuksak, namunasi desak mubolag’a bo’lmaydi.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech