A- A A+

Yangiliklar

Yangi marralar tomon

on .

Bugungi kunda sanoat korxonalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish dasturlarini ushbu korxonalarni texnologik qayta jihozlash dasturlari bilan uyg’unlashtirish, korxona ta’minotining barcha bosqichlarini avtomatlashtirish va boshqarishni ta’minlash, shuningdek, bu orqali logistika va xarid xarajatlarini qisqartirish, zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish hisobiga mahsulotlar va xizmatlar sifatini yaxshilash, ularning tannarxini, ishlab chiqarishdagi to’xtalishlarni kamaytirish, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatning shaffofligini oshirish masalalari muhimdir.

Jumladan, Olmaliq kon - metallurgiya kombinatida tog’-kon-metallurgiya sohasidagi dunyoning yirik kompaniyalarining raqamli texnologiyalarni joriy etgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshirishga qaratilgan “Raqamli OKMK- 2030” kontsepsiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. OKMKning eng yirik ta’mir korxonasi hisoblanuvchi Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishni optimallashtirish va unifikatsiyalash, ishlab chiqarish xarajatlarining aniqligi va shaffofligiga erishish borasida e’tirofga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Zavod Mexanika-yig’uv sexining eng istiqbolli uchastkalaridan biri sifatida qaralayotgan yangi tog’-kon shaxta uskunalari uchastkasiga so’nggi yillarda eng zamonaviy dastgohlar parki o’rnatilmoqda. Xususan, bundan ikki oy oldin mont aj qilinib foydalanishga topshirilgan HBW gorizontal tokarlik-frezorlik dastgohi mustaqil uzatmalarga ega bo’lib, harakatlantirish va uzatish tezliklarini maksimal darajaga chiqargan holda kesish, yo’nish, mahsulotlarga ishlov berish funktsiyalari xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Charx aylanali tokarlik markazi va SRL 63/65L/5000 rusumli tokarlik yo’nish dastgohlari yordamida murakkab detallarga ishlov berilishiga muvaffaq bo’linayapti. Faxriddin Abduqodirov, Ilhom Jo’rayev, Dilshod Umarbekov, Nodir Valiyev hamda Bahrom Usvaliyev kabi xodimlar yangi uskunalar imkoniyatlarini tobora oshirib borishmoqda. Aynan yuqoridagi omillar hisobiga uchastka jamoasi tomonidan hisobot yili davomida 260 tonnadan ziyod tog’-kon shaxta uskunalari ishlab chiqarish ko’zda tutilgan.

Korxonaning asosiy ishlab chiqarish bo’g’ini sanaluvchi Quyish sexi 2016 yilda 10845,603 tonna miqdorida po’lat, 1246,081 tonna cho’yan va 128 tonnaga teng bo’lgan rangli quymalarni ishlab chiqarib, o’zining rekord ishlab chiqarish ko’rsatkichini qayta o’rnatishga muvaffaq bo’lgan edi. So’nggi yillarda ham mazkur tsexga yangi texnologiyalarning joriy etilishi va yangi dastgohlar parkining kirib kelishi ishlab chiqarish ko’rsatkichlarida o’z aksini topayapti.

- Joriy yilda seximiz jamoasi tomonidan 14865 tonnadan ziyod po’latli, rangli va maxsus quyishlar amalga oshirilishi kerak, - deydi model uchastkasi boshlig’i Andrey Yesenkov. - Ehtiyot va butlovchi qismlarning yog’ochli andozalarini tayyorlab beruvchi BRAXL ishlov berish dastgohi markazining avtomatlashtirilgan boshqaruvi operatsiyalar xilma-xilligi va o’ta yuqori aniqlikdagi andozalarga ega bo’lishni ta’minlashi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda va tsex ish samaradorligining oshishiga xizmat qilmoqda. Mazkur dastgoh hajm o’lchamlari 2500mmX1300mmX450mm. gacha bo’lgan andozalar tayyorlab berishi bilan ham alohida ajralib turadi.

MTMZning Elektr shlakli quyish quymalari, nostandart metall qurilmalarni tayyorlash, detallarni payvandlash va payvand-eritish uslubida ta’mirlash, metall mahsulotlari va quymalarni gummirlashga mo’ljallangan yana bir muhim tsexi - Temirchilik- payvandlash sexi ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etilgan avtomobilь manipulyatori, gilyutinli metall kesuvchi qaychi, ruda tegirmon klassifikatorlari kuraklari va nasoslarning ish g’ildiraklari karkalarini tayyorlab beruvchi FRM plazmali kesish uskunasi tsex ish jarayonlarida keskin burilish yasay oldi. Ayniqsa, listli metallarga tsilindrsimon, konussimon va boshqa shakllar berishga hamda listlarni bukishga mo’ljallangan to’rt valokli dastgoh yordamida qalinligi 2 mm.dan 16 mm.gacha, eni 1050 mm.dan 4100 mm.gacha bo’lgan po’latli listlarga ishlov berishi tsex ishlab chiqarish ko’rsatkichlari oshishiga zamin yaratdi. Gazda kesuvchi Doston Isoqov murakkab yangi dastgohni mukammal ravishda o’zlashtirib, tsex yutuqlariga o’z hissasini qo’shib kelmoqda.

Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi jamoasi 1500 tonnadan ziyod pakovkalar tayyorlash, 1000 tonna miqdorida elektr shlakli quyishlarni amalga oshirish, 3600 tonnadan ziyod nostandart uskunalar ishlab chiqarish, 8200 tonnadan ortiq ehtiyot qismlar va ularda qayta tiklash ta’mir ishlarini amalga oshirishdek bashorat ko’rsatkichlarini belgilab olgan. Dastgohlar parkining zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruvdagi raqamli uskunalar hisobiga yangilanib borayotgani ta’mir korxonasining maqsadlariga hamohangdir.

Hasan Abdullayev

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech